Dars maqsadi:

  1. Ta’limiy: O’quvchilarga hujjatlarni chop etish mavzusini o’rgatish;
  2. Tarbiyaviy: O’quvchilarni vatanga sodiq va fidoiy qilib tarbiyalash, milliy va umummadaniy qadriyatlarimiz asosida tarbiyalash;
  3. Rivojlantiruvchi: O’quvchilarda hujjatlarni chop etish mavzusi bo’yicha bilim, ko’nikma, malaka va kompetensiyalarini rivojlantirish.

Dars uchun umumiy kompetensiya:

  1. Axborotlar bilan ishlash;
  2. O’z-o’zini rivojlantirish;
  3. Milliy va umummadaniy;
  4. Matematik savodxonlik.

Fanga oid kompetensiya: O’quvchilarda hujjatlarni chop etish ko’nikmalari rivojlangan. Ixtiyoriy kompyuterda hujjatlarni chop eta oladi.

Darsning borishi:

Tashkiliy qism:

Salomlashish:

Davomatni aniqlash:

Siyosiy daqiqa (Bugungi kun axborot va texnologiya yangiliklari)

Yangi mavzu bayoni:

Nihoyat, tayyor hujjatni qog‘ozga chop etish vaqti yetdi. O‘zingiz tayyorlagan rasmlar, chizmalar va jadvallarga boy hujjatlarni qo g‘ozda qanday ko‘rinishda aks etishini ko‘rishni xohlasangiz bu mavzuni chuqur o‘zlashtirib olishingiz zarur.

Kalit so‘zlar: hujjatni chop etish, printer imkoniyati.

Zamonaviy printerlar turli usulda chop etish imkoniyatiga ega. Masalan, qog‘ozning bitta sahifasiga hujjatning bir nechta sahifasini chop etish, hujjatni buklet yoki kitobcha shaklida chop etish va hokazo.

Hujjatni chop etish parametrlarini o‘zgartirish uchun Fayl menyusining Chop etish (Печать) bo‘limi tanlanadi. Natijada ekranga Chop etish (Печать) lavhasi chiqadi. Chop etish lavhasi Printer (Принтер),  Sahi falar (Страницы),  Nusxalar (Копии),  Masshtab (Масштаб),  Qamrov (Включить), Chop etish (Напечатать) bandlaridan iborat.

Sahifalar bandida barchasi (все),  joriy (текущая),  tartib raqamlari (номера) va ajratilgan qism (выделенный  фрагмент) ko‘rsatmalari bo‘lib, ulardan biri sichqoncha yordamida tanlanadi.

Barchasi ko‘rsatmasi tanlansa, hujjat to‘lig‘icha (barcha sahifasi) chop etiladi. Joriy ko‘rsatmasida joriy sahifa (yurgich turgan sahifa) chop etiladi. Tartib raqami ko‘rsatmasi tanlansa, unga tegishli oyna faollashadi. Bu oynaga chop etilishi lozim bo‘lgan sahifalarning tartib raqamlari yoziladi. Masalan, unga 1, 3, 5–12 yozilgan bo‘lsa, birinchi, uchinchi

hamda beshinchidan o‘n ikkinchigacha sahifalar chop etiladi. Ajratilgan qism ko‘rsatmasini faqatgina matnning biror qismi belgilangandagina tanlash mumkin. Bu holda hujjatning belgilangan qismi chop etiladi.

Nusxalar bandida nusxalar soni (число копий) va nusxalar bo‘yicha ajratish (разобрать  по  копиям) ko‘rsatmalari bor. Ular hujjat necha nusxada va qay tartibda chop etilishini ko‘rsatadi. Masalan, biror hujjatni 3 nusxada chop etish kerak bo‘lsin. U holda nusxalar soni oynasiga 3 raqami yoziladi. Nusxalar bo‘yicha ajratish ko‘rsatmasi belgilangan bo‘lsa, avval hujjatning birinchi nusxasi to‘lig‘icha chop etiladi, keyin ikkinchi nusxasi, so‘ngra uchinchi nusxasi chop etiladi. Agar bu ko‘rsatma belgilanmagan bo‘lsa, avval hujjatning birinchi sahifasi 3 nusxada chop

etiladi, keyin ikkinchi sahifasi 3 nusxada chop etiladi va hokazo.

Masshtab bandida qog‘ozning bir sahifasiga hujjatning nechta sahifasi chop etilishi ko‘rsatiladi. Buning uchun varaqdagi sahifalar soni (число страниц на листе) oynasida taklif etilgan 1 sahifa (1 страница), 2 sahifa (2 страницы), 4 sahifa (4 страницы) va hokazo ko‘rsatmalardan biri tanlanadi.

Qamrov bandida barcha sahifalar (Все  страницы  диапазона),  toq tartib raqamli sahifalar (Нечетные  страницы),  juft tartib raqamli sahifalar (Четные  страницы) ko‘rsatmalaridan biri tanlanadi. Barcha sahifalar ko‘rsatmasi tanlansa, hujjat yoki uning belgilangan qismi to‘lig‘icha chop etiladi. Toq tartib raqamli sahifalar ko‘rsatmasi

tanlansa, hujjatning faqat toq tartib raqamli sahifalari chop etiladi. Juft tartib raqamli sahifalar ko‘rsatmasi tanlansa, hujjatning faqat juft tartib raqamli sahifalari chop etiladi.

Printer bandida printer haqida ma’lumot hamda Xususiyatlar (Свойства) tugmasi bor. Sichqoncha yordamida Xususiyatlar tugmasi bosilsa, ekranda printerning xususiyatlari lavhasi ochiladi. Shuni aytish lozimki, printerlarning turiga qarab ularning xususiyatlari ham har xil bo‘ladi. Shunga ko‘ra xususiyatlar lavhasining ko‘rinishi va undagi axborotlar ham turlicha bo‘ladi.

Printerlar turli-tuman xususiyatlarga ega bo‘lib, quyida biz ularning hujjatni kitobcha shaklida chop etish xususiyati bilan tanishamiz. Ta’kidlash joizki, hamma printerlar ham bunday xususiyatga ega emas. Shu sababli kitobcha shaklida chop etish xususiyatini «HP LaserJet 1300» rusumli printer misolida ko‘ramiz. Mazkur printerning xususiyatlari lavhasi quyidagi rasmda keltirilgan. Lavha bir nechta bo‘limdan iborat bo‘lib, hujjatni kitobcha shaklida chop etish uchun Yakuniy ishlov (Оконч. обработка) bo‘limiga kiriladi.

Undagi  Hujjat parametrlari (Параметры  документа) bandidan Ikkala tomoniga chop etish (Печать на обоих сторонах) ko‘rsatmasi tanlanadi. Buklet maketida (Макет  буклета) taklif etilgan ko‘rsatmalardan Chap tomondan muqovalash (Переплет по левому краю) ko‘rsatmasi tanlanadi.

OK tugmasi bosilsa, yana Chop etish lavhasiga qaytiladi. Bu lavhadagi OK tugmasi bosilsa, hujjat chop etila boshlaydi. Avval hujjatning bir qismi (yarmi) qog‘ozning bir tarafi ga chop etiladi. Chop etilgan qog‘ozlar tartibini buzmagan holda yana printerga joylansa, hujjatning qolgan qismi qog‘ozning orqa tomoniga chop etiladi. Chop etib bo‘lingan qog‘oz varaqlarini tekislab, ikkiga buklasangiz kitobcha hosil bo‘ladi.

Hujjatni kitobcha shaklida chop etishda ehtiyojga qarab, o‘ng tomondan yoki yuqoridan muqovalash ham mumkin. Buning uchun buklet maketida tegishli ko‘rsatma tanlanadi.

Yangi mavzuni mustaxkamlash:

SAVOL VA TOPSHIRIQLAR

1.  Qaysi tugma yordamida hujjatni chop etish mumkin?

2.  Hujjatning joriy sahifasini chop etish qanday amalga oshiriladi?

3. Hujjatning ketma-ket kelmagan bir nechta sahifasini bir yo‘la chop etish mumkinmi?

4. Hujjatning faqat belgilangan qismini chop etish qanday amalga oshiriladi?

5. Hujjatning faqat juft yoki toq tartib raqamli sahifalarini chop etish qanday amalga oshiriladi?

6. Hujjatni 5 nusxada chop etish uchun qanday amallarni bajarish kerak?

7. Hujjatni kitob shaklida chop etish uchun bajariladigan amallar ketma-ketligini aytib bering.

Uyga vazifa: Darsga oid mashqlarni takrorlash

MASHQLAR

1. Quyidagi hujjatlardan birini 2 nusxada chop eting.

a) “Mening vatanim – O‘zbekiston”;

b) “Mening oilam”;

d) “Tarjimayi hol2”.

2. Ikki sahifalik biror hujjatni ikki tomonlama chop etish usulidan foydalanib qog‘ozning ikkala tomoniga chiqaring. 3. Bilimingizni takrorlash va mustahkamlash uchun yil davomida olgan ma’lumotlaringizni Word dasturi beradigan imkoniyatlar (jadvallar, matnlarning turli ko‘rinishlari, chizmalar va hokazo) ko‘rinishida daftaringizda aks ettiring.

Muallif F. Mansurov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan