Kompyuterlarning texnik tomondan mukammallashishi hamda grafik imkoniyatlarining rivojlanib borishi dasturchilarda grafik interfeysli qobiq-dasturlar ishlab chiqarish fikrini uyg’otdi. Bu ishga birinchi bo’lib Microsoft kompaniyasi kirishdi. Mazkur kompaniya tomonidan 1985- yilda ishlab chiqilgan WINDOWS 1.0 grafik qobiq-dasturi e’tiborli afzalliklarga ega emas edi. Unda fayllar ekranda go’zalroq tasvirlangan edi. Shunday bo’lsa-da, u grafik qobiq-dasturlarning keyingi turkumlarining ishlab chiqarilishiga turtki bo’ldi. 1987- yilda ishlab chiqarilgan WINDOWS 2.0 grafik qobiq-dasturida WINDOWS 1.0 dagi kamchiliklar bartaraf etilgan bo’lsa-da, foydalanuvchilar tomonidan qo’llab-quvvatlanmadi.
WINDOWS 1.0
WINDOWS 2.0
Operatsion tizimlarning rivojlanishi foydalanuvchining turli talablari asosida xotiradan kam joy egallaydigan, kompyuter ichki resurslarini optimal boshqaradigan va bir vaqtda bir necha xil dasturlarning ishlashini ta’minlay oladigan tizimlarning ishlab chiqilishiga olib keldi. 1990- yilda ishlab chiqarilgan WINDOWS 3.0 dasturi birinchi ommaviy grafik qobiq-dasturga aylandi. WINDOWS 3.0 dasturlar tizimining asosiy afzalligi bir vaqtda bir nechta dasturlar bilan ishlash imkoniyatidir. WINDOWS 3.0 ning to’la jadval holatida ishlashi foydalanuvchining kompyuter bilan muloqotini yengillashtirdi. Lekin u MS DOS operatsion tizimi boshqaruvida ishga tushirilishi sababli mustaqil operatsion tizim emas, balki grafik muhit sifatida tan olindi. Keyinchalik, 1992- yilda WINDOWS 3.1 ishlab chiqarilib, unda WINDOWS 3.0 da yo’l qo’yilgan xatolar bartaraf etildi. 1993- yilda bir necha kompyuterlarni lokal tarmoq orqali bog’lab ishlatish imkoniyatini beruvchi WINDOWS 3.11 dasturlar tizimi ishlab chiqildi.
1995- yilning sentabr oyida IBM PC kompyuterlari uchun ishlab chiqilgan WINDOWS 95 birinchi grafik operatsion tizim bo’ldi. Umuman, WINDOWS foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyatlar berishi sababli uni grafik qobiq-dastur emas, grafik muhit deyish qabul qilingan.
«WINDOW» inglizcha so’z bo’lib, o’zbek tiliga «oyna», «lavha», «darcha» deb, «WINDOWS» so’zi esa «oynalar», «lavhalar», «darchalar» deb tarjima qilinadi. Mazkur tizimning boshqalardan farqli tomoni shundaki, uning yordamida bir vaqtda ham matnli, ham grafikli, ham hisob-kitobli, ham turli boshqaruv dasturlarini ishlatish imkoniyati mavjud. Foydalanuvchi uchun barcha qulayliklarga ega bo’lgan bunday operatsion tizimning yaratilishi jadallik bilan texnik qurilmalarning rivojlanishiga va shaxsiy kompyuterlarning keng omma tomonidan qo’llanilishiga olib keldi. WINDOWS dasturining o’zi qisqa vaqt ichida bir necha variantda ishlab chiqarildi. 1998- yilning yozida yaratilgan WINDOWS-98 yuqori darajadagi ishonchliligi, bezagining yaxshilanganligi, o’z-o’zini «tuzatish» va rivojlantirish uchun maxsus vositalari mavjudligi bilan ajralib turadi. Kompyuterlarning jadallik bilan rivojlanishi va operatsion tizimlarga qo’yilayotgan talabning ortib borishi 1999-yil oxiriga kelib WINDOWS-2000 operatsion tizimining ishlab chiqarilishiga olib keldi. U kompyuter resurslaridan yana-da to’laroq foydalanish imkonini berdi.
Bu muhitni grafik operatsion tizim deyilishiga sabab, foydalanuvchi interfeysi, dastur va ma’lumotlar fayllari monitor oynasida piktogrammalar ko’rinishida aks ettirilishidadir. Fayllar bilan ishlash xohishga qarab sichqoncha yoki klaviatura yordamida amalga oshirilishi mumkin.
2001- yilda ishlab chiqarilgan WINDOWS XP (eXPerience – tajriba, sinov) operatsion tizimi WINDOWSning avvalgi naqllaridan o’zagi bilan tubdan farqlanadi. Shu bilan birga yuqori darajadagi ishonchliligi, bezagining go’zalligi, o’z-o’zini “tuzatish” va rivojlantirish uchun maxsus vositalari mavjudligi, kompyuter resurslaridan yanada to’laroq foydalanish imkoniyati, juda ko’p qurilmalarning drayverlarini o’z ichiga olganligi bilan ajralib turadi.
Undan tashqari 2007 yildan boshlab qisqa davr ichida Windowsning – Windows Vista – 2007 yilda, Windows 7 – 2009 yilda, Windows 8 – 2012, windows 10 2015 yil kabi turkumlari ham yaratildi.
Quyidagi rasmda WINDOWS operatsion tizimi turkumlaridan biri bo’lgan WINDOWS 7 operatsion tizimining ish stoli va bir nechta amaliy dasturlarning interfeysi ko’rinishi tasvirlangan.
Foydalanuvchining xohishiga ko’ra WINDOWS operatsion tizimi tarkibiga boshqa dasturlarni ham kiritish mumkin. Hozirgi kunda WINDOWS operatsion tizimi tarkibida ishlashga mo’ljallangan juda ko’p maxsus dasturlar majmuasi ishlab chiqarilgan va ishlab chiqarilmoqda. Masalan, Microsoft Office dasturlar paketi ixtiyoriy korxona ish yuritishida foydalaniladigan hujjatlarni tayyorlash, turli hisob-kitob ishlarini va boshqa o’nlab amallarni bajarish imkonini beruvchi dasturlarni o’z ichiga oladi.
Windows operatsion tizimining eng muhim xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1. Windowsning yopiq ishchi muhitliligi. Bu operatsion tizim mumkin bo’lgan barcha amallar Windowsdan chiqmagan holda bajarilishi mumkin. Amaliy dasturni ishga tushurish, disklarni formatlash, matnlarni chop etish – bu amallarni Windows ichida bajarish va amallarni bajarib bo’lgandan so’ng yana Windowsga qaytish mumkin.
Windows muhitida foydalanuvchi interfeysining asosiy tushunchalarini oyna va piktogramma tashkil qiladi. Oynalarning tuzilishi va ularni boshqarish elementlarining joylashuvi, amallar to’plamlari va servis dasturlari uchun menyu tuzulishi, shuningdek, barcha servis va amaliy dasturlar uchun sichqoncha yordamida bajariladigan amallar yagona talab (standart) asosida ishlab chiqilgan.
2. Windowsning grafik sistemaliligi. Windowsda MS DOS kabi foydalanuvchidan buyruqlarni matnli satrlar ko’rinishida kiritish talab etilmaydi, balki taklif etilgan to’plamdan talab etilgan amal sichqoncha ko’rsatkichini menyuning tegishli buyrug’i ustiga yo’naltirib zarur tugmani bosib tanlanadi.
WINDOWS operatsion tizimining asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat:
- ko’p masalaliligi – bir vaqtning o’zida bir necha dastur va oynalar bilan ishlash mumkin;
- yagona dastur interfeysi – WINDOWS operatsion tizimi muhitida ishlaydigan bir dasturda tayyorlangan ma’lumotlarni boshqa dasturlarga olib o’tish imkoniyati mavjud;
- yagona foydalanuvchi interfeysi – WINDOWS operatsion tizimidagi bir dastur interfeysida ishlashni o’zlashtirib olgandan keyin, boshqa dastur interfeysini o’rganish oson;
- yagona apparatli-dasturiy interfeys – WINDOWS muhiti turli qurilma va dasturlarning bir-biriga mosligini ta’minlaydi hamda WINDOWS muhiti boshqa, masalan, MS DOS, operatsion tizimlarida yaratilgan dasturlardan ham foydalanish imkoniyatini beradi;
- Windows muhiti dasturlarning qurilmalarga va dasturli ta’minot (printer, displeyga)ga bog’liq bo’lmasligini ta’minlaydi;
- Windows muhiti MS DOS ning barcha amaliy paketlari, muharrirlar va elektron jadvallar ishini to’la ta’minlaydi;
- Windows mavjud tezkor xotira va qurilmalardan to’liq foydalana oladi;
- Windows dasturlararo ma’lumotlar almashish imkoniyatiga ega.
Bu maxsus Clipboard (ma’lumotlar buferi) yoki DDE (ma’lumotlarning dinamik almashuvi, ya’ni boshqa dastur natijalaridan foydalanish) yoki OLE (ma’lumotlardan ularni tahrirlagan holda foydalanish) yordamida amalga oshiriladi.
WINDOWS da foydalaniladigan barcha uskunaviy jihozlar uning obyektlari deb ataladi. WINDOWS operatsion tizimi yuklanganda ekranda uning asosiy foydalanuvchi interfeysi – ish stoli aks etadi. Unda WINDOWS obyektlari va boshqaruv elementlari joylashgan. Obyektlar bir-biridan xususiyatlari bilan farqlanadi. Masalan, qattiq disk o’zining nomi, to’la hajmi, bo’sh sohasining hajmi, oxirgi tekshirilgan kuni va boshqalar bilan farqlanadi. Shuningdek, operatsion sistema uchun fayllar ham obyekt hisoblanadi. Chunki, ular o’zining nomi, joylashgan joyi, yaratilgan vaqti, hajmi va turi bilan farqlanadi.
WINDOWS operatsion tizimi bilan ishlaganda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
- piktogramma – obyektni aniqlovchi tasviri, uning yordamida obyektlar bilan ishlanadi;
- fayl belgisi – faylni ko’rsatuvchi fayl nomi va bu fayl hosil qilingan dasturga mos belgi;
- yorliq – istalgan katalogga joylashtirish mumkin bo’lgan fayl va papkaga tez murojaat qilish uchun foydalaniladigan belgi turi bo’lib, ular biror obyektni ishga tushiradi va qanday obyekt ekanligini ifodalaydi;
- papka (katalog) – WINDOWS obyektlarini birlashtiruvchi element bo’lib, unda fayllar va yana ichki joylashtirilgan papkalar bo’lishi mumkin.
- papka oynasi – ochilgan papkaning ko’rinishi.
- Мой компьютер (Mening kompyuterim) sistema katalogi.
- savatcha – o’chirilgan ma’lumotlarni vaqtincha saqlab turish uchun xizmat qiladi.
- sichqoncha – grafik operatsion tizimdagi obyektlarni boshqarish qurilmasi.
Sichqoncha chap va o’ng tugmachalari, qo’shimcha tugma yoki g’ildirakchadan iborat bo’lishi mumkin. Agar sichqonchani maxsus gilamchada harakatlantirilsa, u holda elektr signallari monitor oynasidagi sichqoncha ko’rsatkichini harakatga keltiradi va, natijada, bir joydan boshqa joyga o’tkaziladi. Sichqoncha ko’rsatkichi ham obyekt bo’lib, u shakli bilan aniqlanadi. Ko’rsatkich shakli yo’naltirilgan obyektga qarab o’zgaradi. Uning bu xususiyatiga kontekstli sezuvchanlik deyiladi. Biror bir obyekt yoki operatsion sistema elementidan foydalanish uchun ko’rsatkich shu obyektga yo’naltiriladi va sichqoncha tugmachasini (odatda, asosiy hisoblangan chap tugmachani) bir yoki qisqa vaqt ichida ikki marta bosiladi. Natijada, mo’ljallangan obyekt ishga tushiriladi. Ko’rsatkichni obyekt ustiga keltirilib biroz kutilsa, obyekt haqida qisqa xabar paydo bo’ladi.
- Masalalar paneli (Панель задач) – ish stolining quyi qismida joylashgan panel bo’lib, u asosan joriy vaqtda ishlayotgan dasturlar haqida ma’lumot berish va ularni boshqarish uchun xizmat qiladi. Bu panelning chap tomonida Пуск tugmasi, keyin esa tezda ishga tushiriladigan dasturlarning piktogrammalari joylashadi. O’ng tomonida esa kompyuter ishga tushganidan boshlab ishlay boshlaydigan va, asosan, turli xizmat ko’rsatuvchi dasturlarning piktogrammalari joylashgan bo’ladi.
- (Start, ya’ni Boshlash) tugmasi – bosilganda ekranda Bosh menyu aks etadi. Bosh menyuda Windowsda ishlash bilan bog’liq bo’lgan barcha imkoniyatlar mujassamlangan.
- yo’l boshlovchi (Проводник) – operatsion sistemaning fayl tuzilishini ko’rib chiqish, fayllar, disklar va tarmoqlar ulanishini boshqarish vositasi.
Windowsga kirish. Kompyuterning Power tugmasi ishga tushirilishi bilanoq Windows operatsion tizimi tezkor xotiraga yuklanadi va ekranda Windowsning ish stoli aks etadi.
Windowsdan chiqish. Windowsdan chiqish uchun sichqonchaning ko’rsatkichi Boshlash tugmasi ustiga keltirilib chap tugmasi bosiladi. Ochilgan Bosh menyudan «Завершение работы» buyrug’i ustiga olib kelib, chap tugmasi bir marta bosiladi. Natijada windows o’z ishini yakunlaydi va kompyuter o’chadi.
«Завершение работы» tugmasi yonida qo’shimcha kichik tugmacha mavjud bo’lib, uning vazifasi o’chirish tugmasini qayta yuklanish, bloklash, tizimdan chiqish, uyqu holatiga almashtiradi. Sichqonchadan foydalanish o’rniga ALT+F4 tezkor klavishlarini bosib yuqoridagi amallarni bajarish mumkin. Yo’nalish klavishlari orqali ulardan keraklisi tanlanadi va ENTER klavishi bosiladi.
Savol va topshiriqlar
- Grafik va nografik operatsion tizimlarning farqini tushuntirib bering.
- WINDOWS operatsion tizimining qanday afzalliklari bor?
- Windows obyekti deb nimalarga aytiladi? Misollar keltiring.
- Savatchadan qanday maqsadda foydalaniladi?
- Kontekstli sezuvchanlik nima?
- Nima sababdan Windows grafik tizim deb ataladi? Javobingizni misollar bilan asoslang.
- Yopiq ishchi muhit deganda nima tushuniladi?
- Masalalar paneli haqida so’zlab bering.
- O’z kompyuteringizdagi Windowsning ish stolida joylashgan obyektlar haqida izoh bering.